O‘quvchilarning jismoniy tayyorgarlik darajasi sinovdan o‘tkazilmoqda







Prezidentimizning 2021 yil 16 iyundagi “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Sport hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari hamkorligida mart-aprel oylarida respublikamizning barcha hududlarida 7-17 yoshdagi o‘quvchilarning “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari o‘tkazilmoqda. Mazkur jarayon O‘zbekiston tumanida ham uyushqoqlik bilan tashkil etilgan. Ayni sport sinovlari bugun O‘zbekiston tumanidagi 11-umumta’lim maktabida ham bo‘lib o‘tdi. Sport sinovlari ochilishiga bag‘ishlangan marosimda so‘z olganlar mazkur tadbirlardan ko‘zlangan asosiy maqsad aholining barcha qatlamlari o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, harakat faolligini takomillashtirish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat ekanligini yana bir bor ta’kidlashdi. Maktabning 1-11 sinf o‘quvchilari ishtirokida o‘tkazilgan sport sinovlarida o‘quvchilar faol ishtirok etdi. Ular 3x10 metrga moksimon yugurish, 60 metrga yugurish, basketbol savatiga to‘p tashlash, arg‘imchoqda sakrash, kurakda yotgan holda oyoqlarni juftlashtirib yuqoriga ko‘tarish singari belgilangan qator yo‘nalish va normativlar asosida o‘zlarining jismoniy holatini sinovdan o‘tkazdi. O‘quvchilarning natijalari mutaxassis va jismoniy tarbiya fani ustozlari tomonidan qayd etib borildi. Shu kunlarda tumandagi barcha umumta’lim maktabi o‘quvchilaridan sport sinovlarini qabul qilish davom etmoqda. Qayd etilishicha, sinovlarda 34 ming nafardan ziyod o‘quvchi qatnashishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, shu kungacha ulardan qariyb 27 ming nafarining jismoniy tayyorgarlik ko‘rsatkichlari baholangan.
Bizni ijtimoiy tarmoqlarda kuzating!